Dunyoning yetakchi onkologlari Xivadagi nufuzli konferentsiyada ishtirok etmoqda

Xiva shahrida “Oʼsmalarni tashxislash va davolashda zamonaviy texnologiyalar” mavzusida Oʼzbekiston onkolog va radiologlarining XIX konferentsiyasi oʼz ishini boshladi.

Sogʼliqni saqlash vazirligi va Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tashkil etilgan anjumanda mahalliy mutaxassislar bilan bir birga, Hindiston, Koreya, Turkiya, Misr, Buyuk Britaniya, Rossiya va Qirgʼiziston kabi dunyoning 20 dan ziyod davlatlari vakillari ishtirok etmoqda.

Tadbir avvalida Sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov forum mehmonlarini nufuzli anjumandagi ishtiroki bilan onlayn tarzda qutladi.

Taʼkidlanganidek, soʼnggi yillarda dunyoda onkologik kasalliklarga chalinish holatlari tobora ortib boryapti. Xastalik yildan yilga yosharib, oʼlim darajasi yurak-qon tomir xastaliklaridan keyin 2-oʼrinda qayd etilgan.

Yurtimizda ham saraton tashxisi qoʼyilgan bemorlar soni kam emas. Shu bois Prezidentimizning onkologik xizmatni rivojlantirish boʼyicha 3 ta qarori qabul qilindi. Unga koʼra, barcha hududlar uchun mobil mammograflar xarid qilindi.

Respublika onkologiya markazining barcha filiallarida immunogistoximiyaviy laboratoriyalar tashkil etilib, ular kameral mikroskop va reaktivlar bilan taʼminlandi. Qolaversa, saratonning kechki bosqichlarida bemorlarga yordam koʼrsatish uchun barcha filiallarda palliativ yordam boʼlimlari tashkil etildi.

Shuningdek, bundan 5 yil avval yurtimizda atigi 5 ta radioterapevtik moslama mavjud boʼlsa, hozir ularning soni 25 taga yetdi. Toshkent, Fargʼona, Urganch va Samarqand shaharlarida ogʼir bemorlarga yordam koʼrsatishning keyingi bosqichlarida viloyatlararo xospislar faoliyati yoʼlga qoʼyilmoqda.

Bundan tashqari, kasallikni erta bosqichda aniqlash maqsadida koʼkrak bezi va bachadon boʼyni saratoni boʼyicha muntazam skrining tekshiruvlari oʼtkazilyapti.

Tadbirda jahonning yetakchi klinikalari ilgʼor tajribalarini yurtimiz onkologiya xizmatiga tatbiq etish, tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini amaliyotda keng qoʼllash muhim ekani qayd etildi.

Shuningdek, anjumanda mahalliy va xorijdan kelgan mutaxassislar oʼz maʼruzalari bilan ishtirok etmoqda. Muhokama etiladigan dolzarb masalalar koʼpligi inobatga olinib, tadbirda 4 ta sektsiya tashkil etildi.

Forum oʼz ishini ertaga ham davom ettiradi.
2-06-2023, 12:42
Ko'rishlar: 59
Sahifani chop etish